Agrar ilm-fan sohasida O‘zbekiston–Germaniya hamkorligi kengaymoqda

Avval xabar berganimizdek, Germaniyaning nufuzli Julius Kühn-Institut ilmiy muassasasining katta ilmiy xodimlari — Monika Höfer hamda Stefanie Reim xonimlar Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.
Tashrif doirasida mehmonlar akademik M. Mirzayev nomidagi Bog'dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurib, uning ilmiy faoliyati bilan tanishdilar.
Uchrashuv davomida institutning zamonaviy laboratoriya bazasi, xususan, o‘simliklar seleksiyasi yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Genetik resurslarni saqlash, ularni samarali ko‘paytirish hamda yuqori hosildor va istiqbolli navlarni yaratishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, meva va uzum mahsulotlarini qayta ishlash asosida tabiiy vino va sirka ishlab chiqarish texnologiyalari yuqori baholanib, ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, institutda ko‘chat yetishtirish jarayoni namoyish etilib, yangi seleksiya navlari va ularni parvarishlash bo‘yicha samarali fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida biologik xilma-xillikni asrash, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi turlarini birgalikda o‘rganish hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli rejalar belgilab olindi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube