Agrar ta’lim va ilm-fanda xalqaro hamkorlik kengaymoqda

Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi joriy yil 10-sentabr kuni AQShning nufuzli Kaliforniya universitetining (UC Davis) Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit fanlari kolleji rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
ℹUchrashuvda tomonlar qishloq xo‘jaligida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislar tayyorlash hamda zamonaviy bilim va texnologiyalarni amaliyotga joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Ta’lim yo‘nalishida O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohalarida iqtidorli yoshlarni UC Davisda magistratura va doktorantura dasturlarida tahsil olishi, shuningdek, stipendiya, grant va boshqa moliyalashtirish mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, UC Davis Cooperative Extension tajribasini o‘rganish, fermerlarga ilmiy bilim va innovatsiyalarni yetkazish tizimini rivojlantirish hamda ushbu tajribani O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Delegatsiya, shuningdek, Urug‘lik biotexnologiyasi (Seed Biotechnology Center) va o‘simliklarni transformatsiya qilish (Plant Transformation Facility) markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Markazlarning zamonaviy ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, o‘simlik biotexnologiyasi va genetik transformatsiya yo‘nalishidagi ishlari o‘rganildi.
Mazkur markazlar bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, o‘zbekistonlik mutaxassislarni o‘qitish va ilmiy-amaliy tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislar tayyorlash va bilim almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda loyihalarni shakllantirish hamda kelgusida hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram