Agrar tarmoq — yoshlar uchun qulay maydon

Xabar berganimizdek, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va uning natijadorligi bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatida bo’lib turgan vazir Ibrohim Abdurahmonov tashrif dasturiga muvofiq, Yozyovon tumanidagi “Qorasoqol” MFY hududida bo‘ldi.
▶Bu yerda vazir dastlab, yoshlarga dehqonchilik qilish uchun ajratib berilgan maydonlarda tashkil etilgan “Qodir Rustamov” poliz ekinlari yetishtirish kooperatsiyasi faoliyati bilan tanishdi.
6,5 gektar maydonga qovunning "Resseres"(Turkiya) navi ekilgan bo‘lib, u mahalliy navlardan eksportbopligi, uzoq muddat saqlash mumkinligi bilan farq qiladi. Mazkur qovun navi gektariga 200 sentnergacha hosil bermoqda. Yetishtirilgan qovunlarning ilk partiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga eksport qilindi. Keyingi partiyasi esa, yana 5 kundan keyin eksportga jo‘natish ko‘zda tutilgan.
Ushbu daladagi ertapishar qovun navi plyonka ostiga ekilgan bo‘lib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Sug‘orish jarayonida 50 foizgacha suv tejaladi. Plyonka ostiga ekilgani bois, har kuni 10 daraja qo‘shimcha issiq harorat yig‘iladi. Bu esa, qovunning erta pishib yetilishiga zamin yaratadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, cho‘l sharoitida muddatidan oldin pishib yetilgan qovunlar bugungi kunda bozorlarimizda yaxshi narxlarda sotilmoqda. Bu esa, iqtisodiy jihatdan fermerlarga manfaatli hisoblanadi.
Hozirgi kunda mazkur qovun urug‘lari respublika bo‘ylab keng taqalmoqda. Fermer xo‘jaligi vazirlik tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan ham yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganligi bois, qovun hosili yig‘ib olingandan so‘ng, takroriy ekin sifatida tarvuz urug‘larini ekishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, institut bilan hamkorlikda Oltiariq tumanida 3 xil pomidor urug‘i va 2 turdagi piyoz ekinlarini parvarishlab, tajriba sinov olib borilmoqda.
Vazir yoshlar bilan hamsuhbat bo'lar ekan, qishloq xo'jaligida yoshlarning o'rni juda ham muhimligini qayd etib o'tdi. Shuningdek, kelgusi ishlarda ham yoshlarning qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda olimlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlab ish tutishlari hosildorlikni yanada oshirishga olib kelishi aytib o'tildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram