AGRO_TAVSIYA

NOKNI SAQLASH BO‘YICHA TAVSIYALAR
Nokning saqlashga chidamli navlarini 4-5 oy, kuzgi navlarini esa 1,5-2 oy saqlasa bo‘ladi. Nok olmaga nisbatan tez urinib qoladi, shu sababli uni uzishda va qutilarga joylashda ehtiyotkorlik bilan ishlash talab qilinadi. Nok odatda pishib yetilish oldidan uzilib, toza va quruq qutilarga joylashtiriladi.
Qutilar tagiga qog‘oz yoyib qo‘yiladi, qog‘ozning ikkinchi uchi nokning ustiga yopiladi. Qog‘oz ustiga qirindi sepiladi yoki karton yopiladi. Nokni shaxmat usulida joylashtirib qator orasiga qirindi sepish ham mumkin.
Gaz muhiti boshqarilib turiladigan omborlarda nok 300-350 kg li konteynerlarda saqlanadi. Nokni saqlashda harorat 1-2°S gacha bo‘lishi maqbul hisoblanadi. Ko‘pincha bu haroratda o‘ta kechpishar navlardan terilgan mevalar juda sekin yetiladi va saqlash muddatining oxirigacha rangini yo‘qotmay, qattiq holda bo‘ladi.
Bunday noklarni savdoga jo‘natishdan avval 4-7 kun davomida 15-20°Sda saqlab yetiltirish lozim. Omborda havoning nisbiy namligi 85-90% bo‘lishi kerak. Omborda havo haroratining tez-tez o‘zgarib turishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim, aks holda mevalar tez yetilib qolishi mumkin, bunday nokni uzoq vaqt saqlab bo‘lmaydi.
Nokni boshqariladigan gaz muhitida uzoq vaqt saqlash mumkin. Bunda kislorodning miqdori navlar bo‘yicha 2-3%, karbonat angidridning miqdori 1-5% gacha bo‘lishi ularning sifatli saqlanishini ta’minlaydi.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |Youtube