Agro_tavsiya

Moshning doni insonga, poyasi chorvaga, chirindisi yerga ozuqa bo‘ladi
Respublikamizda har yili mosh takroriy ekin sifatida 18–20 ming gektardan ortiq maydonda yetishtiriladi. Oziqalik qiymati bilan bug‘doy, loviya, no‘xat, ko‘k no‘xat va javdar donlaridan 1,5–2 baravar, to‘yimliligi bo‘yicha esa 1,5 baravar ustun turadi. Tarkibidagi oqsilning hazmlanishi 86 foizga yetadi. Ekin vegetatsiya davrida tuproqda 50–100 kg/ga biologik azot va organik moddalar to‘plab, yerning tabiiy unumdorligini oshiradi.
Mosh urug‘i ekilganda tuproqni haddan tashqari namiqib ketishi unib chiqishiga salbiy ta’sir etadi. Mosh urug‘i ekilganidan so‘ng og‘irligiga nisbatan 90–92% nam talab qilib, juda qisqa muddatlarda unib chiqadi. O‘suv davri davomida tuproq-iqlim sharoitlariga qarab 1–3 marta sug‘oriladi. Mosh o‘simligini gullash va don tugish davrlarida suvga bo‘lgan talabi yuqori bo‘ladi. Begona o‘tlardan tozalash maqsadida o‘toq qilinadi va qator oralari chopiq qilinadi. Ekish oldidan gektariga sof holda 40–60 kg fosfor va 20–40 kg kaliyli o‘g‘itlar solinadi. Shonalash va gullash davrlarida 30–40 kg azot, 20–30 kg fosfor va 10–20 kg kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi. Agar azotli o‘g‘itlar me’yoridan oshib ketsa, o‘simlik biologik azotni o‘zlashtirmaydi.
⌛ Dukkaklari pishib yetilgan vaqtda tanasi, barglari va boshqa qismlari yashil holatda bo‘ladi. Bu esa don hosilini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kombayn bilan yig‘ishtirib olish imkonini bermaydi. Shu sababli mosh yetishtiradigan xo‘jaliklarda ko‘pchilik holatlarda mosh hosilini yig‘ishtirib olishda dukkaklarining 70-80 foizi yetilganda, ertalabki kezlarda qo‘l kuchi bilan yig‘ishtirib olinib, yoyib qo‘yiladi va quritiladi, so‘ngra yanchiladi.
Ushbu tavsiya Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan taqdim etildi. Eslatib o‘tamiz, mazkur ilmiy muassasada sholi bilan bir qatorda moshning “Radost”, “Navro‘z”, “Qahrabo” kabi navlari hamda istiqbolli deb e’tirof etilgan “Hosildor” navi yaratilgan.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube