agroma’lumot

Shu kunlarda mevali daraxtlarda kuzatiladigan oʻzgarishlar
O‘suvchi kurtaklar bahor kelishi bilan, odatda, gullash vaqtida yoki gullashdan keyin rivojlana boshlaydi. Novdalar tez barg chiqaradi va qisqa muddat o‘sadi.
Ayrim o‘suvchan novdalar agar suv yetarli bo‘lsa, mavsum davomida, 2-3 metr uzunlikkacha o‘sadi. Shaftoli va olxo‘rining ayrim turlarida ushbu novdalardan, ba’zan, ikkilamchi novdalar o‘sib chiqadi.
Hosilning mo‘l bo‘lishi novdalarning o‘sishini sustlashtiradi. Daraxt ichkarisiga quyosh nurining tushmasligi esa ichkarida joylashgan mevali novdalarni qurib qolishiga olib keladi. Soya qiluvchi novdalarning yetarli bo‘lmasligi, o‘z navbatida daraxt shoxlarini quyosh urishiga sabab bo‘ladi.
Shoxchalar va qisqa novdalar o‘sishdan to‘xtaganda, ularda kelgusi yilda meva beruvchi gulkurtaklar rivojlana boshlaydi. Bu davr odatda may, iyun, iyul va avgust oylariga to‘g‘ri keladi. Bu jarayon yoz va kuz mavsumida ham davom etadi va bu davrlarda suvning yetarli bo‘lmasligi gulkurtaklarning rivojlanishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.
©Muhammadjon Ismoilov
Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog'dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi ilmiy xodimi