Agrotavsiya

Qulupnay yetishtiruvchilar uchun tavsiya
Navlar. “Zenga-Zengana”, “Kobra”, “O‘zbekiston go‘zali” va boshqa hosildor navlarni ekish tavsiya etiladi.
Ko‘chatlarni ekishga tayyorlash va ekish. Tuplar eski, qurigan barglardan tozalanadi, bunda qurigan barglarni chetga olib chiqib, yoqib yuborish kerak. Ochilib qolgan ildizlarga tuproq solib chiqiladi, cho‘kib qolgan yoki chuqurroq ekilgan tuplarning o‘sish nuqtalari ochib qo‘yiladi. Dala begona o‘tlardan tozalanib, tuprog‘i yumshatilib, ekin zichligi me’yorida ushlanadi, qurib qolganlari o‘rniga yangisi ekiladi.
Ekish muddatlari va ekish sxemasi. Qulupnay hosildorligi tuproqni ko‘klamgi yumshatish vaqtiga bog‘liq bo‘lib, tuproq qanchalik erta yumshatilsa, hosil ham yuqori bo‘ladi. Yer tobga kelib, ya’ni qulupnayzorda ishlash imkoni bo‘lishi bilan ekin qator oralari 10–12 sm chuqurlikda yumshatilib, o‘simlik atrofidagi tuproqqa ishlov beriladi. Tuproq unumdorligiga qarab, har 10 sotixga mineral o‘g‘itlardan sof holda 12–18 kg azot, 9–12 kg fosfor va 3–6 kg kaliy solinadi.
O‘g‘itlash. Azotli va fosforli o‘g‘itlar yillik me’yorining teng yarmi erta bahorda (mart), qolgan qismi esa hosil terib olinganidan so‘ng solinadi. O‘simlik bu vaqtda kelasi yil uchun hosil kurtaklarini yig‘a boshlaydi.
Sug‘orish. Qulupnay yetishtirishning eng asosiy sharti ekinni suv bilan ta’minlashdir. Tez-tez bo‘ladigan yog‘ingarchiliklar o‘simlikning vegetatsiya davridagi namga bo‘lgan talabini qondira olmaydi. Qulupnay vegetatsiya davrida 13–24 marotaba sug‘oriladi. Farg‘ona vodiysining shag‘alli yerlari hamda Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida sug‘orishni tez-tez, lekin ozroq miqdorda, Toshkent viloyatining og‘ir tuproqli yerlarida esa kamroq, lekin ekin qonguncha o‘tkazish zarur.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash. Qulupnayning oq dog‘lanish kasalligiga qarshi kuzda 3 foizli Bordo suyuqligi, bahorda o‘simlik barg chiqara boshlaganda yoki gullashdan oldin bir foizli Bordo suyuqligi ikki marta purkaladi. Zararkunandalardan uzunburun, qulupnay bargxo‘ri, o‘rgimchakkanalarga qarshi erta bahorda 30 foizli Karbofos yoki 1 foizli Bordo suyuqligini purkash yaxshi samara beradi.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook | Youtube