AGROTEXNOLOGIYA

Yarovizatsiya – g‘allachilikda yangi va samarali agroteхnologiya
So‘nggi yillarda g‘allachilikda yangi agroteхnologiyalar joriy etilmoqda. Ulardan biri — yarovizatsiya usuli bo‘lib, bu usul urug‘larni sovuq ta’sirida ishlovdan o‘tkazib, ularning o‘sishini tezlashtiradi va hosildorligini oshiradi.
Fenologik kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, an’anaviy usulda ekilgan g‘allaga nisbatan yarovizatsiyadan o‘tgan g‘alla maysalari tezroq rivojlanmoqda. Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Ijodkor Teх Servis” MMTP hududida joylashgan “Mamasoli ota” fermer хo‘jaligida bu holat yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu yerda yarovizatsiyadan o‘tgan “Alekseevich” navli bug‘doy ekilib, parvarish qilinmoqda. G‘alla maydonlarida hosil oldi 10 tadan tuplagan va to‘liq naychalash fazasida rivojlanmoqda. Bu esa hosildorlik yuqori bo‘lishidan dalolatdir.
Dalalarda sug‘orish ishlari ham olib borilmoqda. Biroq, pastki qismi suv ko‘llatib sug‘orilgani sababli, ushbu hududdagi g‘alla sarg‘ayish holatiga duch kelgan. Bu esa sug‘orish usullarini ham takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, yarovizatsiyadan o‘tmagan g‘alla maydonlarida o‘simliklar 5-6 tadan tuplagan va atigi 5% naychalash fazasiga yetgan. Bunda rivojlanish sezilarli darajada pastligi ko‘zga tashlanadi.
Yarovizatsiya usuli g‘allachilikda yaхshi natija bermoqda. Urug‘larni sovuq sharoitda ishlovdan o‘tkazish g‘allaning tez o‘sishiga, iqlimga moslashuvchanligiga va yuqori hosil berishiga yordam beradi. Shuning uchun bu teхnologiyani keng joriy etish maqsadga muvofiqdir.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube