AirFarm—O'zbekistonda

AirFarm texnologiyasi — aeroponika asosida ishlab, energiya tejash va yil davomida yuqori hosil olish imkonini beruvchi zamonaviy issiqxonalar endi O'zbekistonda!
Avval xabar berganimizdek, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari Oybek Omonov boshchiligidagi delegatsiya vakillari joriy yilning yanvar oyida qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni joriy etish, ilmiy ishlanmalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan samarali muzokaralar olib borish maqsadida Koreya Respublikasiga xizmat safarini amalga oshirgan edi.
Uchrashuvlar davomida O'zbekistonga Koreya qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or texnologiyalarni jalb etish bo'yicha bir qator muhim kelishuvlarga erishilgan. Xususan, Seul shahrida delegatsiya a'zosi Respublika agroxizmatlar markazi direktori Akmal To‘lanov hamda Koreyaning “Midbar Co Ltd” kompaniyasi bosh menejeri Joseph Lee o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonda AirFarm zamonaviy issiqxona tizimini joriy etish va umumiy qiymati 150 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan 4 ta zamonaviy issiqxonalarni O‘zbekistonga beg‘araz taqdim etish bo‘yicha kelishuv shular jumlasidandir.
Ayni kunlarda kelishuvga muvofiq Koreya Respublikasidan 1 ta uskuna — Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga, qolgan 3 tasi esa — Milliy markaz tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga olib kelindi va mutaxassislar tomonidan o‘rnatish ishlari yakunlandi. Ushbu zamonaviy issiqxonalarda salat bargi, turli ko‘katlar hamda mahalliy kartoshka navlarini yetishtirish rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda hosildorlikni oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube