AQSh Fermerlar kengashi rahbari, doktor Kater Qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning g‘o‘za yetishtirish bo‘yicha dehqonlarga bergan ilmiy-amaliy tavsiyalarini yuksak baholab,…

ularni zamonaviy paxtachilikda yuqori hosildorlik va sifatli hosil yetishtirishning eng muhim omillaridan biri sifatida e'tirof etdi.
ℹDoktor Kater o‘z murojaatida Ibrohim Abdurahmonov ilgari surgan asosiy tamoyillar – ekishni va g‘o‘za rivojlanishini kechiktirmaslik, o‘simlikda quruq modda hamda oziqa elementlarining to‘g‘ri taqsimlanishini boshqarish, shuningdek, mavsum yakunida hosilning bir maromda pishishini ta'minlash bo‘yicha fikrlarga to‘liq qo‘shilishini bildirdi.
Uning ta'kidlashicha, qisqa vegetatsiya davrida har bir kunning ahamiyati beqiyos. Shu bois fermerlar g‘o‘zaning rivojlanishidagi eng kichik o‘zgarishlarni ham erta aniqlashni bilishi lozim. Xususan, birinchi pozitsiyadagi shona va ko‘saklarning yo‘qotilishi, bo‘g‘im oralig‘i uzunligi, oq gul ustidagi tugunlar soni kabi ko‘rsatkichlarni muntazam kuzatish hosil taqdirini belgilovchi muhim omillardandir.
"Telekommunikatsiyadagi 'oxirgi milya' tamoyili singari, paxtachilikda ham fermerning o‘zi daladagi jarayonlarni birinchi bo‘lib baholaydigan va zarur choralarni ko‘radigan 'oxirgi chaqirim' hisoblanadi. Shu sababli uni zarur bilim va amaliy ko‘nikmalar bilan qurollantirish eng muhim vazifadir", – deya ta'kidladi Doktor Kater.
Shuningdek, u ayni paytda Italiyada xizmat safarida ekanini ma'lum qilib, AQSHga qaytgach, Ibrohim Abdurahmonovning tavsiyalariga bag‘ishlangan batafsil ilmiy tahlillarini hamda Janubiy Osiyo fermerlarini qisqa muddatli g‘o‘za yetishtirish texnologiyalariga o‘qitish dasturi bo‘yicha materiallarni taqdim etishini bildirdi.
"Sizning g‘o‘zaga oid chuqur bilim va tajribangizni fermerlar bilan baham ko‘rayotganingiz tahsinga sazovor. Siz ilgari surayotgan ilmiy yondashuvlar nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning boshqa paxtakor mamlakatlari fermerlari uchun ham katta ahamiyat kasb etadi", — deydi AQSH Fermerlar kengashi rahbari doktor Kater.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram