Baxmalda meva yetishtirish bo‘yicha xalqaro tajriba almashinuvi

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Milliy markaz tizimidagi Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Jizzax ilmiy-tajriba stansiyasi hamda "Baxmal AGRO STAR" korxonasi hamkorligida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar meva yetishtirish, xususan olma va nok mevasi sifatini oshirish, kasalliklarning oldini olish borasida ilg‘or tajriba va bilim almashish maqsadida tashkil etildi. Unda Eron Islom Respublikasidan tashrif buyurgan taniqli olimlar va mutaxassislar ishtirok etdilar.
Seminar davomida olma va nok yetishtirishda qo‘llanilayotgan ilg‘or agrotexnik usullar, o‘simliklarni himoya qilishdagi samarali biotexnologik yondashuvlar, shuningdek, zamonaviy diagnostika metodlari bo‘yicha taqdimotlar qilindi.
Seminarda olma va nok mevasi sifatini oshirish omillari, kasalliklarning oldini olishda Eron tajribasi, organik va intensiv bog‘dorchilik uslublari, shuningdek, fidan yetishtirish va agroklimatik moslashuvga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari «Baxmal AGRO STAR» korxonasining bog‘dorchilik maydonida olib borilayotgan amaliy ishlar bilan bevosita tanishdilar. O‘zaro tajriba almashinuvi va ilmiy maslahatlar asosida istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Yangiliklardan xabardor bo‘lib, qishloq xo‘jaligidagi so‘nggi ilmiy yutuqlarni kuzatib boring!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube