BIZGA AGRAR SOFTWARE YARATUVCHILAR KERAK

Biz uzoq yillar davomida qishloq xo‘jaligida “hardware” muhandislarini, ya’ni seleksionerlar, genetiklar, mexanizatorlar, irrigatorlar, texnologlarni tayyorlashga katta urg‘u berdik. Bu juda muhim. Lekin endi bizga agrar “software” yaratuvchilar ham kerak. Kim ular?
Ular — urug‘ni qanday uyg‘otishni biladigan agronomlar.
Ular — o‘simlikning nurga, suvga, sovuqqa, tuzga va tuproqqa javobini tushunadigan mutaxassislar.
Ular — fermerga qimmat emas, aqlli yechim taklif qiladigan olimlar.
Ular — har bir maydonni tajriba maydoni, har bir fermerni kuzatuvchi, har bir urug‘ni tirik imkoniyat deb ko‘radigan yangi avlod kadrlaridir.
Qishloq xo‘jaligi ta’limi ham shu yo‘nalishda o‘zgarishi kerak. Talabalar faqat o‘g‘it normasi, sug‘orish me’yori yoki kasallik nomi bilan cheklanmasligi kerak. Ular o‘simlikning muhit bilan muloqotini tushunishi kerak. Ular “gen nima?”, “epigenetik belgi nima?”, “o‘simlik xotirasi nima?”, “stressga tayyorlash nima?”, “tuproq mikrobiomi nima?”, “biostimulyator qanday ishlaydi?”, “nur sifati o‘simlikka qanday ta’sir qiladi?” degan savollarga oddiy va amaliy javob bera olishi kerak. Shunda bizda faqat yangi navlar emas, yangi fikrlaydigan agronomlar ham paydo bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning “Qishloq hayoti” gazetasida chop etilgan “Yaxshi urug‘ — aqlli kompyuter, ya’ni “hardware”, to‘g‘ri agrotexnika esa uni ishlatadigan “software” sarlavhali maqolasidan.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube