Boshoqli don ekinlari: Ilmiy yondashuv va yuqori hosildorlik sari

Qishloq xo‘jaligi sohasida hosildorlikni oshirish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish maqsadida hududlarda seminarlar tashkil etilmoqda.
Shu kunlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligining G‘allachilik va dukkakli don ekinlari bo‘limi boshlig‘i Abdulla Mansurov boshchiligida bir guruh olimlar va mutaxassislar boshoqli don ekinlarini parvarishlash bo‘yicha o‘quv seminarlarini o‘tkazmoqda. Ushbu seminarlarning asosiy maqsadi – g‘alla yetishtirish bo‘yicha ilg‘or agrotexnik tadbirlarni fermer va klaster vakillariga yetkazish, hosildorlikni oshirish va zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirishdir.
Navbatdagi seminar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda fermer xo‘jaliklari rahbarlari, klaster vakillari va sohaga mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.
Dolzarb masalalar muhokamasi
Seminarni Qishloq xo‘jaligi vazirligining G‘allachilik va dukkakli don ekinlari bo‘limi boshlig‘i Abdulla Mansurov ochib, g‘alla parvarishida hozirgi kunda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar xususida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i O‘lmasboy Sobitov tomonidan “Hududlarda ekilgan kuzgi bug‘doy navlaridan kelib chiqib, yuqori hosil yetishtirishda qo‘llaniladigan zamonaviy agrotexnik tadbirlar” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. U o‘z chiqishida tuproq unumdorligini oshirish, optimal o‘g‘itlash tizimi va agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni berdi.
G‘allani oziqlantirish va hosildorlikka ta’siri
Milliy markaz tizimidagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri G‘ulomjon Uzoqov esa “G‘allani makro va mikroelementlar bilan boyitilgan preparatlar yordamida suspenziya usulida bargdan oziqlantirishning ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi. U ekinlarning rivojlanish bosqichlarida oziqlantirish tizimining o‘rni, hosildorlikka ta’siri va samaradorligini oshirish usullari haqida tushuntirish berdi.
Seminar davomida g‘alla yetishtiruvchi klasterlar va fermer xo‘jaliklari rahbarlari nazariy bilimlarini boyitish bilan birga, tajribali mutaxassislar rahbarligida amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Ular hosildorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar va innovatsion yondashuvlar haqida muhim tavsiyalar oldilar.
Ushbu seminar hududiy fermerlarning malakasini oshirish, hosildorlikni barqarorlashtirish va sifatli ekin yetishtirish bo‘yicha samarali platforma bo‘ldi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube