Boshoqli don ekinlari parvarishiga bag‘ishlangan seminar o'tkazildi

So‘nggi kunlarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli boshqarmalari mas’ullari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari olimlaridan iborat ishchi guruhlar hududlarda boshoqli don ekinlarini parvarishlash bo‘yicha seminarlar tashkil etmoqda. Ushbu seminarlarning asosiy maqsadi – g‘alla yetishtirishning zamonaviy agrotexnik tadbirlarini fermer va klaster vakillariga yetkazish, hosildorlikni oshirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berishdan iborat.
Navbatdagi ana shunday seminar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligining sohaga mas’ul xodimlari, olimlar, Amudaryo tumani hokimi Sobirjon Xo‘jametov, shuningdek, tumanda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari va klasterlar vakillari ishtirok etdi.
Seminar avvalida Qishloq xo‘jaligi vazirligining G‘allachilik va dukkakli don ekinlari bo‘limi boshlig‘i Abdulla Mansurov so‘zga chiqib, hozirgi kunda g‘alla parvarishida dolzarb bo‘lgan vazifalar, hosildorlikni oshirish yo‘llari va fermerlar duch kelayotgan muammolar xususida batafsil ma’lumot berdi.
Ilmiy taqdimotlar va agrotexnik tavsiyalar
Shundan so‘ng, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i O‘lmasboy Sobitov tomonidan “Hududlarda ekilgan kuzgi bug‘doy navlaridan kelib chiqib, yuqori hosil yetishtirishda qo‘llaniladigan zamonaviy agrotexnik tadbirlar” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. U o‘z chiqishida tuproq unumdorligini oshirish, o‘g‘itlash tizimini to‘g‘ri tashkil etish va agrotexnik tadbirlarni samarali amalga oshirish borasida ilmiy asoslangan tavsiyalarni taqdim etdi.
Shuningdek, Milliy markaz tizimidagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri G‘ulomjon Uzoqov tomonidan “G‘allani makro va mikro elementlar bilan boyitilgan preparatlar yordamida suspenziya usulida bargdan oziqlantirishning ahamiyati” mavzusida ma’ruza qilindi. Unda ekinlarning o‘sish bosqichlarida oziqlantirish tizimiga alohida e’tibor qaratish, hosildorlikni oshirishda ilmiy yondashuvning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Seminar davomida g‘alla yetishtiruvchi klasterlar va fermer xo‘jaliklari rahbarlari o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish bilan birga, tajribali mutaxassislardan qishloq xo‘jaligidagi innovatsion yondashuvlar haqida amaliy tavsiyalar oldilar. Ushbu seminar hududiy fermerlarning malakasini oshirish, hosildorlikni barqarorlashtirish va sifatli ekin yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube