Bremenda paxtachilik va to‘qimachilik masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 25–27 mart kunlari Germaniyaning Bremen shahrida paxtachilik va to‘qimachilik sanoatiga bag‘ishlangan 38-xalqaro Bremen paxtachilik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning yetakchi paxta yetishtiruvchi mamlakatlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xalqaro tashkilotlar hamda yirik sanoat kompaniyalari vakillari ishtirok etib, sohaning bugungi holati va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Anjuman doirasida barqaror paxta yetishtirish, seleksiya va urug‘chilik, raqamli texnologiyalarni joriy etish, iqlim o‘zgarishi sharoitida samarali agrotexnologiyalarni qo‘llash, paxta sifatini baholash, logistika va global qiymat zanjiri, shuningdek, to‘qimachilik sanoatida innovatsion yechimlar kabi dolzarb masalalar keng muhokama qilindi.
Mazkur nufuzli tadbirda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi. Delegatsiya vakillari xalqaro ekspertlar, ilmiy doiralar hamda sanoat vakillari bilan paxtachilik sohasida innovatsion yondashuvlar, seleksiya va urug‘chilikni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan samarali muzokaralar olib bordi.
O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur konferensiyadagi ishtiroki mamlakatimizda paxtachilik sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ilmiy ishlanmalar va innovatsion yondashuvlarni xalqaro hamjamiyatga taqdim etish, shuningdek, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube