CHORVA UCHUN SIFATLI OZUQA YETISHTIRISHDA GERMANIYALIK MUTAXASSISLAR BILAN HAMKORLIK

Bugun Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Iqlim o’zgaruvchanligiga chidamli yem-xashak ekinlarni sinovdan o’tkazish va tanlash, hamda urug’chiligini takomillashtirish boʻyicha seminar tashkil etildi.
“So‘nggi yillarda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasiga tuproq unumdorligi va suv resurslarining keskin tanqisligi katta taʼsir koʻrsatmoqda. To'g'ridan-to'g'ri dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan mamlakat sifatida esa, kelajakda ekstremal ob-havo hodisalariga ham ko‘proq duch kelish ehtimoli yuqori. Bunday qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida o‘zini-o‘zi ta’minlashga erishish yo‘lida harakat qilmoqda. Bunda asosiy e’tibor chorva hayvonlariga qaratilmoqda.
Chorvachilikda sut mahsulotlari ishlab chiqarish eng muhim tarmoqlardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda sut mahsulotlari yetkazib berish sohasi rivojlangan, ammo unumdorligi nisbatan pastligicha qolmoqda. Hozirda, “Dehqon xoʻjaliklari” deb nomlanuvchi kichik korxonalar chorva mollarining 92 foizini o‘zida saqlaydi, sutning 95% ini ishlab chiqaradi, ekin maydonlaridagi dehqonchilik ulushing 15% ham aynan dehqon xoʻjaliklari tarkibida”, - deyildi loyiha dasturida.
Ekspertlar jahon standartlariga mos fermalarni tashkil etish, ozuqa ekinlarni yetishtirish va to'yimligini oshirish borasida Germaniya tajribasi bilan ilmiy-tadqiqot institutlari olimlarini tanishtirdi. O'zbekiston sharoitiga mos chorva ozuqalarini yetishtirish borasida ikki tomon muloqoti bo'lib o'tdi.
Seminardan texnik va institutsional ekspertizani rag‘batlantirish, agroekologik tamoyillar asosida barqaror va iqlimga chidamli urug‘lik, yem-xashak ishlab chiqarish, mahalliy sut yetkazib berish darajasini oshirish, nemis va oʻzbek xususiy hamda davlat muassasalari o‘rtasida tajriba almashish kabi maqsadlar ko'zlangan.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |Youtube