Dala yerlaridan maqsadli foydalanish — umumiy natijadorlikning garovidir

▶Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Andijon viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida Andijon tumanidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutiga qarashli Andijon ilmiy tajriba stansiyasini ko'zdan kechirdi.
Bu yerdagi 2 gektarlik maydonda to‘qsonbosti usulida sarimsoq piyoz ekilgan bo‘lib, yana 1,5 gektar hududda urug‘lik piyozlar sifat darajasida parvarish qilinmoqda. Shuningdek, mazkur dala yerlarining bir qismida yangicha texnologik yondashuv asosida ham kichik hajmli piyozlarni nosh uslubida yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Mas’ullarga ko‘ra, hududdagi 7 sotix maydonga Koreyalik soha mutaxassislari bilan hamkorlikda zamonaviy issiqxona ham tashkil qilingan bo‘lib, unda erta pishar sabzavot ko‘chatlari yetishtiriladi. Qolaversa, mazkur hududda umumiy 100 tonna sig‘imga mo‘ljallangan muzlatkichlar mavjud.
Undan shu yerning o‘zida yetishtirilgan mahsulotlarni sifat darajasida saqlash, ularni mijozlarga yetkazib berish davomiyligini ta’minlash maqsadida foydalaniladi. Bu loyiha Germaniyaning "GISS" tashkiloti bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, dala madaniyatini shakllantirish, daraxtlar ekish, ularni sifatli parvarishlash bo‘yicha bir qator agrotexnik amaliyotlar joriy etilgan.
Vazir bu yerdagi barcha sa’y-harakatlarni kuzatar ekan, olib borilayotgan barcha ishlarni qoniqarli deya baholadi. Shu bilan birga, hududdagi laboratoriya xonalari bilan ham tanishdi. Laboratoriyalardagi jihozlar chet eldan olib kelingan bo‘lib, xodimlarning ilmiy izlanish olib borishi uchun sharoitlar yetarli.
I.Abdurahmonov barcha mavjud resurslardan oqilona foydalangan holda natijadorlikni ta’minlovchi loyihalarni amalga oshirish, ekinlarni parvarishlash va urug‘lik piyozlarni yetishtirishda istiqbolli navlarni tanlab, samaradorlikni oshirish borasida qator topshiriqlar berdi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram