Dala_Seminari

G‘o‘za parvarishi bo‘yicha amaliy dala seminari
Qishloq xo‘jaligi vaziri – Ibrohim Abdurahmonov tomonidan ilgari surilgan “Dolzarb 30 kun” tashabbusi doirasida ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida g‘o‘za parvarishi bo‘yicha amaliy dala seminarlari o‘tkazilmoqda.
Ana shunday seminarlardan biri Namangan viloyatining Pop tumanidagi “Pop olmos gavhari” hamda Chust tumanidagi “Barokatu zamin” fermer xo‘jaliklarida tashkil etildi.
Seminarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi mas’ul xodimlari, Paxtachilik kengashi a’zolari, Agroxizmatlar markazi mutaxassislari hamda fermerlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida g‘o‘za parvarishida iyul–avgust oylarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Xususan, g‘o‘zaning gullash va ko‘saklash davrida tarkibida bor, temir, rux, marganets hamda boshqa mikroelementlar mavjud preparatlarni qo‘llash, har gektarga 1 kilogramm achitqi (droja) va 250 gramm shakar qo‘shilgan suspenziyadan foydalanish, sug‘orish va oziqlantirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish masalalari batafsil tushuntirildi.
Shuningdek, g‘o‘zaning ortiqcha o‘sib ketishining oldini olish maqsadida mexanik chekanka o‘tkazish, rivojlanish holatiga qarab “Sojen” preparati bilan ishlov berish, 1-avgust holatiga ko‘ra 8–10 ta ko‘sak shakllangan maydonlarda “Etefon” preparatini qo‘llash hamda belgilangan muddatlarda defoliatsiya ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida fermerlarga g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda yuqori va sifatli hosil yetishtirish yuzasidan zarur tavsiyalar berilib, tarqatma materiallar taqdim etildi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube