Dushanbeda O‘zbekiston–Tojikiston qo‘shma o‘quv seminari boshlandi

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari, fermer va dehqonlar hamda talabalar uchun mo‘ljallangan o‘quv seminari o‘z ishini boshladi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston va Tojikistonning yetakchi mutaxassislari, olimlari, shuningdek, soha tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda. Xususan, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish departamenti, “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari qatnashmoqda.
Seminarning ilk kunida muhim voqea sifatida “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ hamda Tojikistonning “Raqamlashtirish, innovatsiyalar va qishloq xo‘jaligi kadrlari malakasini oshirish” DUK o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbir davomida ikki davlat mutaxassislari tomonidan qishloq xo‘jaligida ilg‘or tajribalar va innovatsion yechimlarga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. O‘zbekiston tomoni o‘z chiqishida agrar sohani raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, geoaxborot tizimlari, “Raqamli qishloq xo‘jaligi — Agroportal” platformasi imkoniyatlari hamda istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
ℹShuningdek, taqdimotlarda sholichilikda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yuqori hosildor navlar seleksiyasi, urug‘chilik tizimini rivojlantirish va suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar ishtirokchilari O‘zbekiston tajribasini yuqori baholab, ayniqsa raqamlashtirish yo‘nalishidagi yondashuvlar katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidladi. Mutaxassislar tomonidan berilgan javoblar esa tinglovchilar uchun amaliy ahamiyat kasb etdi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram