Halol mehnat insonni ulug‘laydi

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida tizim jamoatchiligi uchun ahamiyatli va biroz hayajonli tadbir — Milliy markaz direktori o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Amanov Oybek Anvarovich bilan xayrlashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ZOOM platformasi orqali tizimdagi barcha ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari va olimlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishni Milliy markaz direktori, akademik Shodmon Namozov kirish so‘zi bilan ochar ekan, Oybek Amanovning qishloq xo‘jaligi ilm-fani va tarmoq rivoji yo‘lidagi ko‘p yillik samarali mehnati, tashabbuskorligi va fidoyiligi haqida alohida to‘xtaldi. Shuningdek, u professor Oybek Amanov endilikda Qashqadaryo viloyati hokimining cho‘l hududlari va agrar sohaga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat boshlayotganini ta’kidlab, bu katta ishonch va yuksak mas’uliyat ekanini qayd etdi.
Akademik Shodmon Namozov so‘zi davomida: “Halol mehnat insonni ulug‘lashini Oybek Amanov misolida ko‘ryapmiz. U yosh bo‘lishiga qaramasdan, o‘zining mehnatsevarligi, yuqori ilmiy salohiyati va talabchanligi orqali bugungi darajaga erishdi”, — deya ta’kidladi. Shuningdek, u Oybek Amanovning ko‘p yillik ilmiy va amaliy tajribasi yangi vazifada ham hudud qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, investitsion loyihalarni kengaytirish hamda cho‘l hududlaridan samarali foydalanishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdi.
Ta’kidlanganidek, Oybek Amanov rahbarlik faoliyati davomida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda munosib hissa qo‘shdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan tizimdagi qator ilmiy muassasalar rahbarlari va olimlar Amanov Oybek Anvarovichning nafaqat bilimli va tajribali rahbar, balki insoniy fazilatlari bilan ham jamoa orasida katta hurmat qozonganini ta’kidladilar. Uning yosh olimlarga bo‘lgan e’tibori, har bir masalaga chuqur yondashuvi, talabchanligi bilan birga samimiy munosabati haqida iliq fikrlar bildirildi.
Tadbir davomida professor Oybek Amanovning soha rivoji yo‘lida amalga oshirgan ishlari, ilmiy faoliyati va tarmoqdagi samarali mehnati e’tirof etildi. Qatnashchilar uning kelgusi faoliyatida ham ulkan yutuqlar, mustahkam sog‘liq va yangi zafarlar tiladilar.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube