Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Har bir kun hisobli: paxtachilikda muhim vazifalar belgilandi

Har bir kun hisobli: paxtachilikda muhim vazifalar belgilandi
Respublikada paxta yetishtirishning hal qiluvchi bosqichi boshlandi. Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida video-konferens-aloqa shaklida respublika seminari o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari rahbarlari, tuman hokimlari, fermerlar, klasterlar, soha mutaxassislari hamda olimlar ishtirok etdi. Seminarda g‘o‘zani parvarishlash, chekanka, sug‘orish, oziqlantirish, makro va mikroelementlardan samarali foydalanish, defoliatsiyaga tayyorgarlik hamda paxta hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilinib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Ta’kidlanganidek, 1-avgustga qadar g‘o‘zaning bo‘yini maksimal 95 sm qilish hamda har bir tup g‘o‘zada 8–10 ta to‘liq ko‘sak shakllantirib, ularni pishish bosqichiga tayyorlash bugungi kunning eng muhim vazifasi hisoblanadi. “Asosiy maqsad — 1-avgustga qadar har bir g‘o‘zaning bo‘yini maksimal 95 sm qilish hamda har bir tup g‘o‘zada 8–10 ta ko‘sakni shakllantirib, uni pishirishdir. Agar paxtaga qarish signali berilmasa, u o‘sishdan, gullashdan to‘xtamaydi. Natijada pishib yetilishi kechikib ketadi”, — dedi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. Hozirgi iqlim sharoitida iyul oyidagi har bir kun muhim ahamiyatga ega. “Hozirgi iqlim sharoitida g‘o‘za iyul oyida faol o‘sish bosqichida bo‘lishi kerak. Bu davrda vaqtni boy berish keyingi rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi vazir. Seminarda g‘o‘zaning me’yoriy o‘sishini ta’minlash, chekankani o‘z vaqtida o‘tkazish, sug‘orish va oziqlantirish ishlarini uyg‘un tashkil etish, mineral o‘g‘itlar bilan bir qatorda mikroelementlardan ilmiy tavsiyalar asosida foydalanish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, begona o‘tlarga qarshi kurash ishlarini kuchaytirish, gerbitsidlarni agrotexnik talablarga qat’iy rioya qilgan holda qo‘llash zarurligi ta’kidlandi. “Preparatni g‘o‘zaning ochilgan gullariga sepish mumkin emas. Bu gullarning zararlanishi va sterillanishiga olib kelishi mumkin”, — deya ogohlantirdi vazir. Yig‘ilishda biologik o‘g‘itlar va biopreparatlarni keng joriy etish, olimlar va fermerlar hamkorligini yanada kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. “Fermerlar va klasterlar agrotexnik tadbirlarni o‘z tajribasiga emas, balki ilmiy asoslangan tavsiyalarga tayangan holda tashkil etishi zarur. Ilm-fanning asosiy vazifasi — amaliy natija berish va fermerga xizmat qilishdan iborat”, — dedi Ibrohim Abdurahmonov. Seminar yakunida 1-avgustdan g‘o‘zani etefon bilan "qaritish" ishlarini boshlash, avgust oyida ikki marta defoliatsiya tadbirlarini amalga oshirish, sentabr oyida desikatsiya ishlarini o‘tkazish, paxta terimiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, har bir maydonda kunlik monitoringni yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy tavsiyalarni amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi. Website Telegram Facebook YouTube Instagram

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.