Ichki_turizm

Orzular shahriga sayohat
Samarqand — dunyo sayyohlarining orzusidagi shahar. Shu bois, bu qadimiy va hamisha navqiron kent doim sayohatchilar bilan gavjum. O‘rta asrlarga xos, o‘tmishdan guvohlik beruvchi me’moriy obidalar har bir sayohatchini hayratga soladi, uni noyob tarix va madaniyat olamiga chorlaydi.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining bir guruh xodimlari ham dam olish kunlarini maroqli o‘tkazish maqsadida Samarqand shahri bo‘ylab sayohat uyushtirishdi. Sayohat davomida ular nafaqat shaharning diqqatga sazovor manzillarini ko‘zdan kechirishdi, balki uning betakror muhiti va madaniy ruhini ham his qilishdi.
Markaz jamoasi avval dunyoga mashhur Registon maydonida bo‘lishdi. Bu yerdagi Ulug‘bek madrasasi, Sherdor madrasasi va Tillakori madrasasi kabi yodgorliklar ularda katta taassurot qoldirdi. Har bir binoning o‘ziga xos naqshlari va me’moriy yechimlari mehmonlarni o‘tmishga, buyuk bobokaloni davriga olib kirdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, sayohatchilar Samarqandning yana bir bebaho xazinasi — Shohi Zinda majmuasini ziyorat qilishdi. Bu yerdagi nafis naqshlar, tarixiy qabr toshlari va sukunat bir ziyoratchiga go‘yo umrning abadiy emasligi, o‘zlikni anglash, inson qisqa umri davomida ikki dunyo saodatiga erishmoq uchun yaxshiliklar qilmoqligi zarur ekanligini anglatib turadi.
Samarqand safari davomida markaz jamoasi Sharq va G‘arb o‘rtasidagi qadimiy savdo markazi bo‘lgan Siyob bozorida ham bo‘lib, shaharning hozirgi hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Yangi zamon nafasi va milliy qadriyatlar uyg‘unlashgan Samarqand turizm maskanidagi sayohat ham jamoaga katta taassurot bag‘ishladi.
Shuningdek, markaz xodimlari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilib, Qur’on tilovat qilishdi. U zotning xizmatlari va xotirasiga nisbatan hurmat tuyg‘ulari bilan tashrif buyurishdi.
Ayniqsa, bu sayohat markaz xodimlarining farzandlari uchun esda qolarli kun bo‘ldi. Ular nafaqat Samarqandning go‘zal obidalarini tomosha qilishdi, balki mazali sharqona taomlardan bahramand bo‘lishdi va milliy tarix hamda madaniyatga bo‘lgan qiziqishlari yanada oshdi.
Bunday sayohatlar inson qalbiga unutilmas xotiralar qoldiradi. Samarqandga uyushtirilgan ushbu sayohat ham Milliy markaz xodimlari hayotidagi unutilmas bir sahifaga aylandi.
Yangiliklarimizdan birinchilardan bo‘lib xabardor bo‘lish uchun sahifamizga obuna bo‘lishni unutmang!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube