III Milliy qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat tadqiqotlari forumi

Bu yilgi forum "Barqaror rivojlanish uchun ko'p yillik va ko'p tarmoqli tadqiqotlarni rivojlantirish" mavzusiga bag'ishlandi. Tadbirni Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov ochib berdi.
"Global iqlim o'zgarishi davrida qishloq xo'jaligini rivojlantirish faqat ilm-fan yutuqlari bilan amalga oshirish mumkinligini bugun fermer dehqonlarimiz yaxshi anglab yetdi. Demak, oziq-ovqat xavfsizligi olimlarning hozirgi tadqiqotlariga bog'liq. Bilasizlar, tadqiqotlar uzoq muddat davom etadi. Masalan yangi g'alla navini ishlab chiqarishga joriy etgunimizgacha 12-15 yil vaqt ketadi. Hozir Speed breedingni qo'llash orqali esa, 5-6 yilga qisqartirishga erishyapmiz. Bu borada xalqaro tashkilotlarning ilm-fan va innovatsiyalarga ko'maklarini alohida e'tirof etamiz. Laboratoriyalarimiz modernizatsiyasi, zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etishda grantlar ajratishi va qo'shma loyihalarni amalga oshirilayotgani yangi bosqichda ishlashimizga zamin bo'lmoqda.
Biz bu yildan paxtachilik va g'allachilikda epigenetik tadqiqotlar mexanizmiga o'tdik. Bizni bu tajribamizda urug'ni bir yil tindirib ekish orqali hosildorlikni 10-15%ga oshirishga erishishimiz mumkin"-dedi Shuhrat Otajonov.
Ushbu forum 19-20 fevral kunlari poytaxtimizdagi Wyndham mehmonxonasida bo'lib o'tadi. Tadbir "Qishloq xo'jaligini qo'llab-quvvatlash va soha bilimlarini oshirish (ASK) dasturi, BMTning Qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat tashkiloti va Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) tomonidan tashkil etildi.
Unda qishloq xo'jaligi sohasida tadqiqotlar olib boruvchi yetakchi olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube