Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2015 yil 22-dekabrda qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq 11-fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni etib belgilangan. Ushbu sana munosabati bilan 13-fevral kuni Toshkent viloyatida “Ayollar ilmiy tajribasi orqali ekologik va barqaror fermerlikni rivojlantirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida o‘tkazildi. Unda ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy ta’lim tashkilotlari, sohaviy birlashmalar hamda fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdilar.
Davra suhbatini institut Xotin-qizlar kengashi raisi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Dilbar Rashidova olib bordi. Tabrik so‘zlarida notiqlar ayollarning ilm-fan va agrar sohadagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini, ularning ilmiy izlanishlari va amaliy ishlanmalari barqaror fermerlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladilar.
Tadbir davomida STEAM yo‘nalishiga qizlarni jalb etish, iqlim o‘zgarishining suv resurslariga ta’siri, gender tengligi, seleksiya sohasidagi yutuqlar va zamonaviy agrotexnologiyalar haqida ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, “Yashil makon” dasturi doirasida ekologik barqarorlikni ta’minlashda olima ayollarning ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.
Anjuman yakunida ilmiy va jamoatchilik faoliyatida faol ishtirok etgan olima ayollar taqdirlandi. Ishtirokchilar bunday muloqotlar ilm-fan taraqqiyoti, gender tengligi va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube