Ilm, intizom va innovatsiya — hosilning uch tayanchi

Respublikada paxta yetishtirishning eng mas’uliyatli va hal qiluvchi bosqichi boshlandi. Aynan bugungi agrotexnik tadbirlar kuzgi hosilning taqdirini belgilaydi. Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida video-konferens-aloqa shaklida respublika seminari o‘tkazildi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari rahbarlari, tuman hokimlari, fermerlar, klasterlar, soha mutaxassislari hamda olimlar ishtirok etdi. Muloqot markazida esa bitta maqsad turdi — mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, yuqori va sifatli paxta hosilini ta’minlash.
Seminar avvalida vazir bugun dunyo qishloq xo‘jaligi oldida turgan yangi tahdidlardan biri — mikroplastiklar muammosiga alohida to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, plastik chiqindilar faqat ekologik muammo emas, balki oziq-ovqat xavfsizligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi omildir. Shu bois dalalarni plastik chiqindilardan xoli saqlash, tuproqni asrash va tabiiy, xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
Shuningdek, o‘simliklarni kasalliklardan ishonchli himoya qilish orqali sog‘lom agroekotizimni shakllantirish masalasi ham muhokama markazida bo‘ldi. Zero, hosil miqdori bilan bir qatorda uning sifati va xavfsizligi ham bugungi zamonaviy dehqonchilikning eng muhim mezoniga aylanmoqda.
Seminar davomida g‘o‘zani parvarishlashning barcha asosiy agrotexnik tadbirlari — chekanka, sug‘orish, oziqlantirish, makro va mikroelementlardan oqilona foydalanish, defoliatsiyaga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda paxta hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Paxtachilikda mikroo‘g‘itlardan foydalanishning zamonaviy yondashuvlari ham taqdim etildi. Xususan, kremniy elementining qo‘llanilishi o‘simliklarning stress omillariga chidamliligini oshirish, kasalliklarga qarshi tabiiy himoyasini kuchaytirish va hosildorlikni yuksaltirishda muhim omillardan biri ekani ilmiy asoslarda tushuntirildi.
Seminar yakunida Qishloq xo‘jaligi vaziri bugungi zamonaviy dehqonchilik faqat tajribaga emas, balki ilm-fan va innovatsiyalarga tayanishini ta’kidladi. Har bir fermer, mutaxassis va soha vakili yangi bilimlarni tezkor o‘zlashtirishi, ularni amaliyotga tatbiq etishi va agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda, sifatli bajarishi zarurligi qayd etildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram