Ilmiy muassasada "Ochiq eshiklar kuni"

Avval xabar berganimizdek, Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi “MUNIS PRIM” loyihasi doirasida Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida "Ochiq eshiklar kuni" bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, ekspertlar institut olimlari tomonidan yaratilgan sholining 10 ta yangi navining guruch namunalarini baholadilar. Nav mualliflari har bir navning fizik-kimyoviy xususiyatlari, pishish muddati, don tarkibi, ta’mi va eksportboplik ko‘rsatkichlari bo‘yicha batafsil tahlillarni taqdim etishdi.
Shundan so'ng, tadbirning rasmiy qismi boshlandi. Uni Qishloq xo‘jaligi vazirligining Ilm-fan, innovatsiyalar va ta’limni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi To‘xtamurod Otaqulov kirish so'zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida ilmiy izlanishlar natijadorligini oshirish, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish hamda sholichilik tarmogida xalqaro tajribalarni qo‘llashning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u institutda olib borilayotgan ilmiy ishlanmalar sohani modernizatsiya qilishda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, institut direktori Abdullo Mansurov ham so‘zga chiqib, institutning ilmiy faoliyati, so‘nggi yillarda erishilgan natijalar, seleksiyadagi yutuqlar, va xalqaro hamkorlik loyihalari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir davomida Koreya Respublikasining O'zbekistondagi KOPIA markazi direktori Kim Jae Hyun ham ishtirokchilarni tabriklab, Koreya Respublikasi bilan yo‘lga qo‘yilgan ikki tomonlama hamkorlikning amaliy natijalari, qo‘shma tadqiqotlarning ijobiy samaralari va erishilayotgan muvaffaqiyatlar hamda davom etayotgan loyihalarning istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Tadbir yakunida mehmonlar uchun milliy taom — palov tortiq qilindi. Shuningdek, guruchlarni baholash tanlovi natijalari ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yangi yaratilgan "Ziynat" navi uchinchi o'ringa munosib ko'rilgan bo'lsa, ikkinchi o'rin "Manzur" navi deb belgilandi, birinchi o'ringa esa "Billur" navi loyiq deb topildi.
Tadbir ishtirokchilari institut faoliyatiga yuqori baho berib, kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalarni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
WEB | Telegram | Instagram | Facebook | Youtube