ILMIY NATIJALAR TAHLIL QILINDI

Milliy markaz tizimidagi Qoraqalpog‘iston Dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston Respublikasining asosiy agrar ilmiy markazlaridan biri bo‘lib, dehqonchilik va agrar sohalarda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va yangi texnologiyalar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratadi. Institutning asosiy maqsadi Qoraqalpog‘istonning xo‘jaliklari uchun samarali agrotexnikalar va resurslardan foydalanish usullarini rivojlantirish, mamlakatning agrar soha rivojiga hissa qo‘shishdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining dehqonchilik sohasi uchun ushbu institutning ilmiy natijalari va taklif etilgan metodikalar iqtisodiy samaradorlikni oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ekologik muammolarni kamaytirishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
Bugun Milliy markazda ushbu ilmiy muassasaning 2024-yildagi faoliyati bo‘yicha hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi. Hisobot yig‘ilishiga Milliy markaz direktori o‘rinbosari Bunyod Mamarahimov raislik qildi. Dastlab institut direktori Bekmurod Turdishevning hisobot asosida tayyorlangan taqdimoti bilan tanishildi.
Taqdimotda keltirilgan natijalar va faktlar komissiya a’zolari tomonidan tanqidiy ruhda muhokama va ayrim yo‘nalishlardagi kamchiliklar bayon qilindi.
Jumladan, institutning agrar sohadagi ilmiy tadqiqotlari va ishlanmalari ko‘p jihatdan zaruriyatga javob bergan bo‘lsa-da, ba’zi sohalarda amaliy natijalarning pastligi qayd etildi. Texnik va moliyaviy resurslarning samarasiz taqsimlanishi, ba’zi ta’minotlar va qurilmalarning eskirishidan kelib chiqib, talab va zaruriyatga moslik bilan bog‘liq kamchiliklar ma’lum qilindi. Ilmiy ishlanmalarning dehqonchilik va agrar sektorda qo‘llanilishi bo‘yicha zarur tadbirlar olib borilmagani, nazariy va amaliy ishlarning integratsiyasidagi uzilishlar ham ta’kidlandi. Ilmiy kadrlar tayyorlash va ularning yuqori malakali mutaxassislar sifatida rivojlanishi uchun yangi dasturlar ishlab chiqish lozimligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida institut rahbariyati va faoliyat ko‘rsatuvchi bo‘limlar o‘rtasidagi ishonchli hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarning natijadorligini ta’minlash yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube