Ilmiy-tadqiqot maskanlarida hayot qaynashi darkor

Mamlakatimizda qorakoʻlchilik tarmogʻida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish orqali naslchilik ishlarini takomillashtirish, sifatli qorakoʻl teri yetishtirish, choʻl-ozuqabop ekinlar maydonlarini kengaytirish va yaylovlar hosildorligini oshirish borasida koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning hududlarda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga amalga oshirilayotgan tashrifning ilk manzili sifatida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining tanlangani ham bejiz emas.
Vazir institut faoliyati bilan tanishar ekan, birinchi navbatda institut bugungi kunda qanday ishlarni amalga oshirayotgani, tadqiqotlar koʻlami, ilmiy salohiyat masalasi, Oʻzbekiston sharoitida aynan qorakoʻlchilikni rivojlantirish masalalari, uning seleksiya masalasi qay darajada ekani bilan qiziqdi.
Mamlakatimizda kun sayin tadbirkorlik va omilkorlik rivoj topib bormoqda. Ammo bu kabi yutuqlar olimlarning ishlanma va ixtirolariga keng yo‘l berilgani ortidan deya olmaymiz. Bu ham haqiqat. Laboratoriya va tajriba maydonlarida yaralayotgan g‘oyalar hisobot qog‘ozlarida qolib ketmasligi kerak. Katta mablag‘ va ishonch evaziga bajarilayotgan yumush alaloqibat dehqon va fermerga dastak bo‘lishi joiz. Ixtiro va ishlanmalar amaliyotga ko‘chishi shart.
Vazir I.Abdurahmonov ayni jihatlarga e’tibor qaratar ekan, bugun institut rahbarlarida ilmiy-tadqiqot va oʻquv seminarlarini tashkil etish borasida yetarlicha tashabbus koʻrinmayotgani, qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sohadagi mahalliy ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlariga global g‘oyalarni integratsiyalash uchun milliy va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram