Ilmiy texnik kengashning navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Ilmiy-texnik kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan bir qator muhim masalalar yuzasidan axborotlar tinglandi va muhokamalar o‘tkazildi.
Xususan, dissertatsiya ishlari natijalarining amaliyotga joriy etilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomalar berish bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar Ilmiy-texnik kengash tomonidan ko‘rib chiqildi. Ma’lum qilinishicha, Milliy markazga mazkur yo‘nalishda jami 97 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 26 tasi don, sholi va dukkakli ekinlar, 28 tasi texnik ekinlar va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, 43 tasi meva-sabzavot va dorivor o‘simliklar sohalariga to‘g‘ri keladi.
Kengash a’zolari tomonidan murojaatlarga ilova qilingan ilmiy ish hujjatlari va ma’lumotnomalar tahlil qilinib, hujjatlari to‘liq hamda ilmiy natijalarga asoslangan ishlar bo‘yicha dissertatsiya natijalarini amaliyotga joriy etish ma’lumotnomalarini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shu bilan birga, texnik ekinlar va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash sohasida ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish bo‘limiga kelib tushgan 34 ta murojaat ham Ilmiy-texnik kengashda muhokama qilindi. Natijada 28 ta murojaat bo‘yicha joriy etish ma’lumotnomalarini berish, 6 nafar talabgorga esa hujjatlar va ma’lumotlarni to‘liq rasmiylashtirish maqsadida rasman xat yuborish belgilandi.
Yig‘ilish davomida, shuningdek, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida e’lon qilish uchun taqdim etilgan tematik mavzular muhokamasi, Milliy markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari Ilmiy kengashining 2026-yilga mo‘ljallangan yangi tarkibini tasdiqlash, o‘quv qo‘llanmalarni amaliyotga joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, biologiya fanlari doktori G‘ofurjon Parpiyevga professor unvonini berishga tavsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB | Telegram | Instagram |Facebook |▶Youtube