Ilmiy yondashuv va innovatsion g‘oyalar – dehqonchilik sohasida rivojlanish kafolati

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shodmon Namozov hamda direktor o‘rinbosari Bunyod Mamarahimov Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib, mazkur muassasaning ilmiy faoliyati, mavjud infratuzilmasi va amalga oshirilayotgan izlanishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida Milliy markaz direktori Shodmon Namozov institutdagi zamonaviy laboratoriyalarning holatini ko‘zdan kechirdi, ilmiy xodimlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv chog‘ida institut tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, innovatsion loyihalar, xususan, in-vitro usulida ko‘chatchilikni rivojlantirish va uni tijoratlashtirish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, ilmiy ishlanmalarning ishlab chiqarishga tatbiq etilishi, resurslardan samarali foydalanish, ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish hamda ilm-fanni sohaga chuqur integratsiyalash borasida bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Ishchi guruh tashrifining ikkinchi qismi Qarshi tumanidagi tajriba maydonlarida bo'lib o'tdi. Bu yerda xorijiy g'o'za navlari yangi agrotexnik yondashuvlar asosida yetishtirilayotgan tajriba ishlarining natijalari bilan tanishildi. Ayniqsa, xorijiy seleksiya namunalarining mahalliy iqlim sharoitlariga moslashuvi va hosildorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha olib borilayotgan kuzatuvlar muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Mazkur tashrif institut faoliyatini baholash va mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar etgan holda, dehqonchilik ilmida innovatsion o‘sish nuqtalarini aniqlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube