ISMALOQNI TO'QSONBOSTI USULDA YETISHTIRISH

Ismaloq bir yillik o‘simlik bo‘lib, ildiz bo‘g‘zidan 8-10 ta bargdan iborat tupbarg va o‘tsimon tik poya chiqaradi. Ismaloqni respublikada faqat bitta "Nafis" navi Davlat reyestriga kiritilgan.
Ismaloqning urug‘i ekilganidan so'ng 3° haroratda ham unib chiqadi. Yosh o‘simliklar 6-8° gacha sovuqqa bardosh beradi. Haroratning yuqori bo‘lishi va havo namligini pasayib ketishi o‘simlikka salbiy ta’sir qiladi, barglari mayda bo‘lib qoladi. Ismaloq hosili nihollar paydo bo‘lgandan 25-40 kundan so‘ng yig‘ib olinadi.
Respublika hududlarning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda ismaloqni to‘qsonbosti usulida:
janubiy viloyatlarda 1-30 dekabrda,
markaziy viloyatlarda 15-noyabr – 15-dekabr,
shimoliy viloyatlarda 1-noyabr – 1-dekabr kunlari ekish tavsiya qilinadi.
Ismaloq sabzavot seyalkalari bilan qo‘sh qatorlab, lentalar orasi 50-60 sm va qatorlar orasini 15-20 sm dan qilib, gektariga 15-20 kg urug‘ 2-3 sm chuqurlikka ekiladi.
Ismaloq urug‘i sepilgandan so‘ng maydon sug‘orilmaydi. Barcha agrotexnik tadbirlar bahorda bajariladi. O‘suv davrida parvarish qilish ishlari ekinni sug‘orish, qator oralarini yumshatish va begona o‘tlarni o‘tashdan iborat.
Ismaloq 5-6 ta barg chiqargandan boshlab kesilib yoki yulinib hosili bir necha marta yig‘ishtiriladi. O'simlik gulpoyalar chiqarganda hosili terilmaydi. Ismaloqning hosildorligi gektariga o‘rtacha 120-150 s/ga tashkil etadi.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |Youtube