Istiqbolli yangi kartoshka klonlari baholandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-fevraldagi 51-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Xalqaro kartoshkachilik markazi – CIP (International Potato Center) bilan hamkorlikda mamlakatimiz tuproq-iqlim sharoitiga mos, serhosil, ertapishar va kasalliklarga chidamli kartoshka klonlarini yaratish hamda baholash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Mazkur tadqiqotlar doirasida CIPdan keltirilgan 18 ta kartoshka kloni ertagi muddatlarda ekilib, ularning hosildorligi, ertapisharligi, tovarbopligi, tuganak sifati va boshqa muhim xo‘jalik belgilari kompleks ravishda baholandi.
Hosil yig‘ib olingach, institut olimlari va mutaxassislari ishtirokida klonlarning iste’mol sifati bo‘yicha degustatsiya o‘tkazildi. Jarayonda ularning tashqi ko‘rinishi, ta’mi, pishish darajasi, tuzilishi hamda iste’molchilik xususiyatlari atroflicha o‘rganildi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, V-6, V-9, C-5 va C-16 klonlari yuqori hosildorligi, ertapisharligi va tovarbop tuganaklari bilan alohida ajralib turdi. Mazkur klonlar mahalliy tuproq-iqlim sharoitida istiqbolli namunalar sifatida e’tirof etildi.
Tadqiqot yakunlari asosida istiqbolli klonlar kartoshka seleksiyasining keyingi bosqichlarida boshlang‘ich seleksiya materiali sifatida tanlab olindi. Kelgusida ular asosida mahalliy sharoitga mos, yuqori hosilli va raqobatbardosh yangi kartoshka navlarini yaratish ishlari davom ettiriladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube