Italiyaga yuboriladigan qishloq xo‘jaligi mutaxassislari uchun o‘quv jarayonlari boshlandi

Avval xabar berganimizdek, 2026-yil 24-mart kuni Toshkent shahrida “Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” formatidagi “Barqaror agroekotizimlar uchun innovatsiya, regenerativ qishloq xo‘jaligi va raqamlashtirish” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum doirasida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar malakasini oshirish yo‘nalishida muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, 2026-yilda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan 500 nafar yurtdoshimizni Italiya Respublikasiga ishga yuborish bo‘yicha ikki davlat Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Ushbu kelishuvning asosiy maqsadi — soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda ularni amaliyotga keng joriy etishdan iborat.
Bugun ushbu hamkorlik loyihasining dastlabki bosqichiga start berildi. Xususan, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida Italiyaga yuboriladigan 15 nafar yurtdoshimiz uchun 180 soatga mo‘ljallangan italyan tili kurslari boshlandi.
O‘quv mashg‘ulotlari boshlanishida Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i To‘xtamurod Ataqulov hamda institut direktori Rustam Nizomov so‘zga chiqib, mazkur darslarning ahamiyati, xorijda ishlash uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni egallash muhimligini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, tinglovchilarga o‘quv jarayonlarini mas’uliyat bilan o‘zlashtirish zarurligi eslatilib, ularga omad tilandi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube