Jizzax” brendi ostida g‘o‘za qator orasiga g‘alla ekadigan yangi texnika ishlab chiqariladi

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Jizzax viloyatiga ishchi safari doirasida viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev bilan birgalikda Mirzacho‘l tumanida g‘o‘za qator oralariga g‘alla ekishga mo‘ljallangan yangi seyalkaning taqdimoti bilan tanishildi.
Mazkur texnikaning asosiy afzalligi — g‘o‘zapoyani maydalash va g‘alla ekish jarayonlarini bir vaqtning o‘zida amalga oshirish imkoniyatidir. Seyalka g‘o‘zani maydalab, hosil bo‘lgan o‘simlik qoldiqlarini dalaga bir tekis sochib ketadi.
Bu texnologiya tuproq eroziyasining oldini olish, namlikni saqlash, yerga qo‘shimcha ishlov berish va texnika sarfini kamaytirish imkonini beradi.
Seyalkaning maxsus konstruksiyasi urug‘ni qator bo‘ylab bir tekis taqsimlab, belgilangan chuqurlikka joylashtirishga xizmat qiladi. Bu esa urug‘larning bir maromda unib chiqishi uchun qulay sharoit yaratadi.
Taqdimot davomida vazir texnikani yanada takomillashtirish, amaliyotda sinovdan o‘tkazish va ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Resurs tejamkor, mahalliy sharoitga mos texnikalarni yaratish va ularni qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
Eng muhimi — yangi texnika “Jizzax” brendi ostida ishlab chiqariladi. Jizzax sharoitidan kelib chiqqan ushbu seyalkani kelgusida aynan “Jizzax brendi” ostida seriyali ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 300 dona shunday texnika ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Seyalka ikki xil — ochiq maydonlarda hamda plyonka ostida ekish uchun mo‘ljallangan variantlarda ishlab chiqariladi.
Bu tashabbus Jizzaxda nafaqat zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi yaratilayotganini, balki mahalliy muhandislik va innovatsion ishlanmalarni mustaqil brend ostida ishlab chiqarishga o‘tilayotganini ham ko‘rsatadi.
Yangi texnikaning amaliyotga keng joriy etilishi resurslarni tejash, tuproq unumdorligini saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram