KANOP YETISHTIRISH BO'YICHA HAMKORLIK YO'LGA QO'YILDI

Janubiy Koreyaning "SJ Global corporation" kompaniyasi Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga Koreya texnologiyasi asosida kanop ekinini yetishtirish taklifi bilan keldi.
Kanop o‘simligi qimmatbaho tolali ekin hisoblanib, undan ishlangan mahsulotlar namlikni o‘ziga tortishi va tez o‘tkazish xususiyatlari bilan boshqa texnik o‘simliklardan ustun turadi. Kanop tolasidan olinadigan iplar elektrokabel va gilam to‘qish sanoatlarida, xalq xo‘jaligida brezent, arqon, o‘t o‘chirish uchun ishlatiladigan egiluvchan shlanglar, mebel matolari tayyorlashda xomashyo sifatida unumli qo‘llaniladi. Undan tayyorlangan qoplarda kofe va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari saqlansa, o‘z xususiyatini o‘zgartirmagan holda anchagacha turishi mumkin. Mazkur o‘simlik O‘zbekistonda avvaldan yetishtirib kelingan. Biroq yaqin yillar ichida unga bo‘lgan e'tibor bir oz susaygan edi. O'tgan yili Milliy markaz huzurida Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilib, institutda endi kanop bo'yicha ham ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilishi belgilab berildi. "SJ Global corporation" kompaniyasi ham ushbu institutning kelgusi hamkori sifatida xalqaro ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilishiga zamin bo'ladi. Kelgusida kanop o'simligidan biodizel ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish ham maqsad qilingan.
Hamkorlik aloqasini mustahkamlash maqsadida Milliy markaz va "SJ Global corporation" kompaniyasi o'rtasida o'zaro memorandum imzolandi. Memorandumga muvofiq Toshkent viloyati hududida Koreya texnalogiyasi asosida 30 gektar maydonda kanop ekiladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube