KESHYU YONG'OG'INING XUSUSIYATLARI VA UNI YIG'IB OLISH JARAYONI HAQIDA

Keshyu — mashhur va ko‘pchilik tomonidan sevib iste’mol qilinadigan mahsulot. Yana bir kam tarqalgan nomi – hind yong‘og‘i.
Keshyuning vatani Braziliya hisoblanadi, biroq keyinchalik mahsulot Hindiston, Afrika, Indoneziya, Vyetnam va boshqa davlatlarga olib kelingan. Bugungi kunda yong‘oq hatto Ozarbayjon va Eronda ham yetishtiriladi. Vyetnam, Nigeriya va Hindiston eng yirik yetkazib beruvchilardan sanaladi.
Keshyu qanday ko‘rinishda ekanini hamma biladi, biroq u qanday o‘sishi va uni yig‘ib olish jarayoni haqida barcha ham yetarli ma’lumotga ega emas. Bu yong‘oq baland daraxtda o‘sadi va nokni esga soluvchi meva bandiga ega.
Mag‘izning o‘zi qattiq po‘choq ostida bo‘ladi. Uni dastlab chaqish kerak. Biroq u juda zaharli, chunki tarkibida anakard kislotasi va kardol kabi moddalar bor. Teriga tekkanida kuchli kuyish izlarini qoldiradi.
Hindistonda keshyuga ishlov berish fermalaridagi ishchilar soni 500 ming kishiga yetadi. Odatda ular 13 dan boshlab 50 yoshdan oshgan ayollardan iborat.
Bu yerda hech qanday mashina va avtomatlashtirilgan konveyerlar yo‘q. To‘liq qo‘l mehnatiga asoslangan. Keshyuning qalin po‘sti maxsus asbob yoki pichoq, ayrim hollarda esa oddiy tosh bilan ochiladi.
Yong‘oqning tarkibi vitaminlarga boyki, u inson tanasining barcha tizimlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda yana bir qancha qiziqarli ma’lumotlarni Harper’s Bazaar jurnali taqdim etadi.
Shuningdek, keshyu tarkibida omega-3, omage-6 va omega-9 yog‘ kislotasi mavjud. Ular antioksidantlar bilan birgalikda tanani erkin radikallar zararlashidan himoya qiladi, yallig‘lanishni to‘xtatadi, qarish jarayonini sekinlashtiradi.
Terini oziqlantirib, ultrabinafsha nurlarining zararli ta’siridan himoya qiladi. Yong‘oq misga ham boy bo‘lib, terining sifatini yaxshilashga yordam beradi va unga tabiiy go‘zallik baxsh etadi.
Unchalik ko‘p miqdorda bo‘lmagan keshyu magniyning kunlik qiymatining 70 foizini o‘z ichiga oladi. Bu yurak, asab va mushak tizimlarining to‘g‘ri ishlashi uchun zarur hisoblanadi. Tanadagi magniy yetishmovchiligi surunkali charchoqqa, sustlikka, qon bosimining ko‘tarilishiga va hatto tomir tortishishiga olib kelishi ham mumkin.
Keshyu yong‘og‘ini muntazam iste’mol qilish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada kamaytiradi. Yong‘oq tarkibidagi yog‘ kislotalari va minerallar yurak mushaklari va qon tomir devorlarini kuchaytiradi. Xolesterin miqdori oshishining oldini oladi.
Shuningdek, hamisha bir xil vaznda turishni istovchilar uchun mutaxassislar parhezga keshyu yong‘og‘i qo‘shishni tavsiya etadi. Birinchidan, yong‘oq tarkibida oqsil mavjud, ikkinchidan, u past kaloriyali yong‘oqning eng yaxshi uchtaligiga kiradi. Eng foydali jihati shundaki, mazali bo‘lishiga qaramay, u qand miqdorining oshishiga olib kelmaydi, uzoq vaqt ochlikni qondirishi va ovqatlanishni kamaytirgani uchun ham ushbu yong‘oqlar vazn tashlashda samarali vosita hisoblanadi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube