Koreya kompaniyalari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida Koreya Respublikasining go‘sht sanoati sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda sohada hamkorlikni rivojlantirish va mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Koreyaning Korea Meat Master tashkiloti katta vitse-prezidenti va bosh kotibi Jeong Gun Ho hamda ORVIC Co., Ltd kompaniyasi bosh direktori Ha Dong Uk ishtirok etdi.
Taqdimot davomida marmar go‘sht yetishtirish texnologiyasi, go‘sht mahsulotlarini xalqaro standartlar asosida kesish, ajratish va qadoqlash usullari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, go‘shtni yuqori qiymatli qismlarga ajratish orqali mahsulotning bozor qiymatini oshirish imkoniyatlari namoyish etildi.
Muzokaralar chog‘ida mazkur yo‘nalishda o‘quv kurslarini tashkil etish, go‘shtni qayta ishlash va zamonaviy qassoblik texnologiyalari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati uchun kadrlar tayyorlash, amaliy o‘quv dasturlarini joriy etish hamda ilg‘or xorijiy tajribani tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube