Koreya tajribasi asosida O‘zbekistonda AirFarm texnologiyasi joriy etiladi

Shu kunlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari Oybek Omonov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida xizmat safarini amalga oshirmoqda. Safar davomida qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amaliyotga tatbiq qilish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazilib, samarali kelishuvlarga erishilmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri delegatsiya a’zosi — Respublika agroxizmatlar markazi direktori Akmal To‘lanov hamda Koreya Respublikasining Midbar Co Ltd kompaniyasi bosh menejeri Joseph Lee o‘rtasida Seul shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda zamonaviy issiqxona tizimi — AirFarm texnologiyasini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
AirFarm texnologiyasi aeroponika asosida faoliyat yurituvchi, energiya tejamkor issiqxona tizimi bo‘lib, yil davomida barqaror hamda yuqori hosil olish imkonini beradi. Uchrashuv yakunida qiymati 150 ming AQSh dollari bo‘lgan 4 ta AirFarm uskunalarini O‘zbekistonga beg‘araz taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur uskunalardan biri Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga, qolgan uchtasi esa Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga o‘rnatilib, ularda salat bargi, ko‘katlar hamda mahalliy kartoshka navlarini yetishtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, fermerlar va sohaviy mutaxassislar uchun aeroponika texnologiyasini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha ikki haftalik amaliy o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish masalasida ham kelishuvga erishildi. Ushbu tashabbus qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni joriy etish va barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB | Telegram | Instagram | Facebook | Youtube