Ko‘zlangan maqsadga dehqonlar manfaatdorligini oshirish orqali erishiladi

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning agrar sohadagi islohotlar izchilligini ta’minlash, dalalardagi agrotexnik tadbirlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatiga qilgan amaliy tashrifi davom etmoqda. Tashrif dasturiga ko‘ra navbatdagi manzil viloyatning Oltinsoy tumanidagi “Oltinsoy cotton cluster” MChJ tomonidan 1000 gektar maydonda barpo qilinayotgan uzumzor bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur uzumzorning 500 gektari barpo etilgan bo‘lib, yana 500 gektarida uzumzor yaratish ustida ishlar amalga oshirilmoqda. Bu bo‘yicha Ibrohim Abdurahmonov klaster rahbariyatining rejalari bilan tanishar ekan, bu yerda uzumzorni tashkil etish uchun eng avvalo qulay sharoit yaratish, suv tejovchi texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish, buning uchun esa investitsiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha aniq takliflarni o‘rtaga tashladi.
Chunki bir paytlar oqar suv kelgani bois, bu yerlar obod maskan bo‘lgan va uzumzor tashkil etilib, toyfi navi yetishtirilgan. Muammo shundaki, ayni paytda bu yerda suvning o‘zi yo‘q. 1000 gektar yerni sug‘orish uchun esa 20 ta quduq qazish talab etiladi. Bundan tashqari ayni paytda uzumga bo‘lgan bozor talablari, uzum yetishtirish texnologiyasi o‘zgargan. Shu sababli bugun eksportbop xo‘raki uzum navlarini yetishtirish ancha jozibador hisoblanadi.
Suhbat poyoniga yetmay turib, bu yerga Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham tashrif buyurdi. Qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyat hokimi birgalikda shu bog‘ni ishga tushirish, Surxondaryoning mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tumanlar iqlim sharoitiga mos yangi ekinlarni yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashdi.
Surxon zaminining shuhratini yoyadigan qadimiy va noyob navlarni qayta tiklagan holda tanlab ekish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi. O‘z o‘rnida bu ishlar kooperatsion tus olishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlab o‘tildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram