Kuz keldi

Sezdingizmi? Havo birdan salqinladi. Bu qaynoq haroratli yoz fasli o‘z o‘rnini oltin kuzga bo‘shatayotganidan darak.
Bobolarimiz "Sumbulada suv tinadi, suv ostidagi narsa ham pishadi", deb bejiz aytishmagan. Buning zamirida katta hikmat bor. Tabiatdagi barcha o‘simliklar endi tezroq pishib, o‘zidan nasl qoldirishga harakat qiladi. Bu — tabiatning oltin qonuni.
Shunday ekan, bobodehqonning yil bo‘yi qilgan mehnati ham endi bo‘y ko‘rsatadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, g‘alvir suvdan ko‘tariladigan payt yaqinlashdi. G‘alvirning suvdan qanday chiqishi esa bobodehqonning yil davomida qilgan mehnatiga bog‘liq.
Oldinda qilinadigan ishlar ham ko‘p. Paxta pishib yetilyapti, uni yog‘in-sochinga qoldirmasdan, o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish kerak. Bog‘lardagi mevalar, ishkomlardagi uzumlar, qo‘yingki, barcha noz-ne’matlarni nes-nobud qilmay, omborga kiritish lozim.
Qolaversa, kelgusi yil hosili uchun g‘alla va "to‘qsonbosti" ekinlarini ham o‘z vaqtida ekib olishimiz kerak.
Axir, dehqonning yumushi tiriklik uchun. Dehqonning mehnati — elning rizqi, dasturxonining fayzu barakasi.
Yaratgan bobodehqonlarimizning mehnatini zoye ketkazmasin, xirmonini doimo barakali qilsin!
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube