Lalmikor yerlarda yaratilgan yangi navlar va agrotexnologiyalar namoyish etildi

Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida “Lalmikor yerlarda boshoqli va dukkakli don, yem-xashak, moyli hamda poliz ekinlari seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirishning innovatsion agrotexnologiyalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar — “Dala kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda lalmikor dehqonchilikni rivojlantirish, ekinlar hosildorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish hamda urug‘chilik tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Seminar davomida institut direktori, professor Bunyod Mamarahimov joriy yilda ilmiy muassasaning qariyb 1500 gektar tajriba maydonlarida lalmikor ekin turlarining institut olimlari tomonidan yaratilgan navlari, shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida xorijdan keltirilib o‘rganilgan nav va namunalar yuqori hosildorlik ko‘rsatganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng seminar ishtirokchilariga ilmiy muassasaning tajriba maydonlarida parvarish qilinayotgan boshoqli va dukkakli don ekinlari, yem-xashak hamda moyli ekinlarining yangi va istiqbolli navlari namoyish etildi. Ishtirokchilar lalmikor sharoit uchun ishlab chiqilgan innovatsion agrotexnologiyalar hamda ilg‘or agrotexnik tadbirlar bilan ham yaqindan tanishdilar.
Seminarda qatnashgan fermerlar olimlar tomonidan yaratilgan resurstejamkor va hosildor navlarni o‘z fermer xo‘jaliklarida amaliyotga joriy etishni maqsad qilganliklarini bildirdilar.
Tadbir ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga tatbiq etish, lalmikor yerlardan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirishga xizmat qiladigan muhim maydon bo‘ldi.
Seminar jarayonlari bilan yuqoridagi videorolik orqali tanishishingiz mumkin.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube