Mahorat_darsi

Yosh olimlarga xalqaro tajriba va innovatsiyalar sari yo‘l
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida yosh olimlar va doktorantlar uchun innovatsion faoliyatga oid amaliy seminar tashkil etildi. Tadbirda Innovatsion rivojlanish agentligining Ilmiy stajirovkalar va laboratoriya uskunalari xarid qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Toyirjon Kabashev ishtirokchilarga xalqaro stajirovkalar tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Toyirjon Kabashev o‘z chiqishida stajirovkaga yuboriladigan nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy talablarni batafsil bayon qildi. Unga ko‘ra, stajirovkaga yoshi 20 dan 40 gacha bo‘lgan, mutaxassislik fani va xorijiy tillarni o‘z ish faoliyatini amalga oshirishda zarur darajada biladigan mutaxassislar yuboriladi. Shuningdek, bir yil davomida bir nomzod ikki marta yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.
Toyirjon Kabashev tanlovlarda g‘olib bo‘lgan nomzodlar stajirovkadan qaytgach va hisobotlarini taqdim etgach, navbatdagi yilda yana tanlovlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ham ta’kidladi. Bu talablar xalqaro stajirovkalar tizimining shaffofligini va yosh olimlarga teng imkoniyatlar yaratishni ta’minlashga qaratilgan.
Seminar davomida ishtirokchilarga zamonaviy laboratoriya jihozlarini tanlash, ilmiy izlanishlarning samaradorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda innovatsion texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha qimmatli tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro loyihalarda qatnashish va o‘z ilmiy faoliyatlarini rivojlantirish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni oldilar.
Tadbir yakunida yosh olimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, ilmiy faoliyatni samarali tashkil etish, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha foydali maslahatlar bilan boyidilar.
Yangiliklardan xabardor bo‘lib, agrotexnologiyadagi so‘nggi yutuqlarni biz bilan kuzatib boring!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube