Milliy markaz tizimida ilmiy faoliyat samaradorligi muhokama qilindi

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov rahbarligida videokonferensaloqa orqali kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Markaz tizimidagi barcha ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-tajriba stansiyalari va agroxizmatlar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘nggi yillar mobaynida agrar ilm-fanida amalga oshirilgan ishlar, ilmiy izlanishlar samaradorligi hamda innovatsion loyihalar natijalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, ilmiy faoliyatdagi ijobiy tendensiyalar, tajriba natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha amaliy yondashuvlar qayd etildi.
Ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy maktablarni rivojlantirish masalalari ham yig‘ilish kun tartibida muhim mavzu sifatida ko‘tarildi. Ishtirokchilar agrar sohada ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov faoliyatini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash zarurligini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, rahbarlik lavozimlariga yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Unga ko’ra, Oybek Amonov Milliy markaz direktori o‘rinbosari (Ilmiy-tadqiqotlar majmuasi rahbari), Bunyod Mamarahimov Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori va Diyor Jo‘rayev Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori etib tayinlandi.
Shundan so’ng, Markaz direktori Shodmon Namozov so‘zga chiqib, lavozimga yangi tayinlangan rahbarlarni tabrikladi hamda ularning kelgusi faoliyatida yuksak natijalar tiladi. Shuningdek, u ilmiy muassasalar oldida turgan ustuvor vazifalar, xususan, agrar sohada innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqarishga yaqinlashtirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Mazkur yig‘ilishda qabul qilingan topshiriqlar kelgusida qishloq xo‘jaligi ilm-fanini yanada rivojlantirish, ilmiy natijalarni amaliyotga keng tatbiq etish hamda tarmoq samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB| Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube