MO‘JIZAVIY O‘SIMLIK – KROTALARIYA

Ushbu o‘simlik Hindiston, Braziliya va Pokistonda tolasi uchun ekiladi. Uning tolasi sintetik tolalarga qaraganda ekologik jihatdan toza va qog‘oz sanoati uchun qimmatli xom-ashyo hisoblanadi. Tolasidan arqon, gilam to‘qish uchun kalava ip, sigaret qog‘ozi, baliq ovlash uchun to‘r, brezent va boshqalar olinadi.
Hozirda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan krotalariya o‘simligi ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilyapti. Ilmiy muassasa katta ilmiy xodimi Surayyo Negmatovaning ma’lum qilishicha, bu o‘simlik mo‘jizaviy bo‘lib, undan turli maqsadlarda foydalansa bo‘ladi.
Tadqiqotchilar hozirda uni chorvachilik uchun foydali o‘simlik sifatida kashf qilgan. Undan bir yilda to‘rt marta yuqori ozuqaviy qiymatga ega bo‘lgan pichan o‘rib olish mumkin. Shuningdek, bu o‘simlik sho‘r tuproqni tozalash va siderat ekin sifatida ham afzalliklarga ega.