Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

MUSTAQILLIK — ENG ULUG‘ QADRIYAT, MEHNAT — ENG YUKSAK SHARAF!

MUSTAQILLIK — ENG ULUG‘ QADRIYAT, MEHNAT — ENG YUKSAK SHARAF!
Aziz yurtdoshlar, qadrli dehqon va fermerlar, agrar sohaning fidoyi vakillari! Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman! Mustaqillik — bu milliy g‘ururimiz, erkin va ozod hayotimiz, bunyodkorlik va taraqqiyot yo‘limizning buyuk timsolidir. O‘tgan 35 yil davomida xalqimiz o‘zining mustahkam irodasi, bunyodkorlik salohiyati va fidokorona mehnati bilan ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Bugun Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yib, yangi marralar sari dadil odimlamoqda. Bu jarayonda qishloq xo‘jaligi sohasi ham chuqur islohotlar, zamonaviy yondashuvlar va ilg‘or texnologiyalar asosida yangilanib, mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda tobora muhim o‘rin egallamoqda. Davlatimiz rahbari rahnamoligida agrar sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, fermer va dehqonlar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash borasida muhim qadamlar tashlanmoqda. Bu yil dalalarimizdagi zahmatli mehnat yana bir bor o‘z samarasini ko‘rsatdi. G‘alladan 10 million tonnalik hosil yetishtirishga erishildi. Ayni paytda dehqon va fermerlarimiz dalalarida yangi hosil — paxta uchun mas’uliyatli yig‘im-terim mavsumi arafasidamiz. Paxtachilik sohasida ham ko‘zlagan marralarimiz ulkan. Mavsum yakunida 4,5 million tonna paxta yetishtirish ko‘zda tutilmoqda. Kartoshkachilikda ham mo‘l hosil sari dadil qadamlar tashlanmoqda. Hozirga qadar 3,2 million tonna kartoshka yetishtirildi. Yil yakuniga qadar esa bu ko‘rsatkichni 4,5 million tonnaga yetkazish prognoz qilinmoqda. Bu raqamlar ortida millionlab insonlarning halol mehnati, tun-u kun qilgan zahmati, ona zaminga bo‘lgan mehr-muhabbati va Vatanga sadoqati mujassam. Dala mehnati — sharafli mehnat. Har bir ekilgan urug‘, parvarishlangan nihol, yetishtirilgan hosil ortida xalqimiz dasturxoni, oilalarimiz farovonligi va yurtimiz osoyishtaligi namoyon. Shu bois har bir dehqon va fermerning mehnati — Vatan ravnaqiga qo‘shilgan munosib hissadir. Bu keltirilganlarimiz agrar soha yutuqlarining bir qismi xolos. Bugun agrar soha xodimlari qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlarida ham mana shunday ulkan natijalarga erishgan holda mamlakatimiz istiqlolining 35 yillik to‘yini munosib qarshi olmoqda. Kelgusidagi rejalar esa yanada ulkan. Suvni tejash, yer unumdorligini oshirish, innovatsiyalarni keng joriy etish, yaylovlar samaradorligini oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport salohiyatini yuksaltirish va agrar sohani yanada raqobatbardosh qilish yo‘lida barcha imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Zero, mustaqil O‘zbekistonning kuchi — uning xalqida, xalqimizning kuchi esa uning birlik va fidokorona mehnatidadir! Fursatdan foydalanib, Vatanimiz tuprog‘ida halol mehnat qilayotgan aziz dehqon va fermerlarimizga, agrar soha olimlari va mutaxassislariga, barcha mehnatkash yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Shu ulug‘ ayyomda barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, fayzu baraka va farovon hayot tilayman. Yurtimiz tinch bo‘lsin, xalqimizning dasturxoni to‘kin bo‘lsin, dalalarimiz hosildor, mehnatimiz samarali bo‘lsin! Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! 35 yillik muborak ayyom barchamizga qutlug‘ kelsin! Yangi O‘zbekistonimizning buyuk kelajagi yo‘lidagi ezgu ishlarimiz bardavom bo‘lsin! Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Website Telegram Facebook YouTube Instagram

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.