Nukus tumanida donni qayta ishlaydigan zamonaviy uskuna ishga tushirildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani hududidagi Don va sholi ilmiy-tadqiqot birlashmasida donni qayta ishlaydigan zamonaviy uskuna foydalanishga topshirildi. Loyiha qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, urug‘chilik tizimini takomillashtirish hamda don mahsulotlari sifatini oshirish maqsadida amalga oshirildi.
ℹMa’lum qilinishicha, Xitoydan 100 ming AQSh dollari evaziga olib kelingan uskuna yuqori samaradorlikka ega bo‘lib, soatiga 5 tonnagacha 20 turdagi don mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega.
Yangi uskuna yordamida donni chang va aralashmalardan tozalash, navlarga ajratish, maxsus dorilar bilan ishlov berish hamda tayyor mahsulotni qadoqlash jarayonlari avtomatlashtirilgan tarzda bajariladi. Bu esa mehnat unumdorligini oshirish va mahsulot sifatini yaxshilash imkonini beradi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi texnologiyaning joriy etilishi hududda yetishtirilayotgan don va sholi mahsulotlarining eksportbopligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, urug‘lik donlarni sifatli saralash va dorilash orqali kelgusi mavsum hosildorligini ko‘paytirish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur loyiha fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, hudud iqtisodiy rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram