Oʻquv mashgʻulotlari davom etmoqda

Avval xabar berganimizdek, Toshkent davlat agrar universitetida sholichilikka ixtisoslashgan Toshkent viloyati fermerlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda. Mazkur o‘quv kurslari fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, sholi yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda sohada uchrayotgan dolzarb muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan.
Bugungi mashg‘ulotlar davomida sholikor fermerlar uchun “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida sholida rivojlanayotgan kasallik va zararkunandalarni aniqlash va qarshi kurashish” mavzusida ma’ruza tashkil etildi. Unda institut laboratoriya mudiri Nodirbek Otamirzayev tomonidan global iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi ekinlariga, xususan sholi ekinlariga ta’siri, yangi paydo bo‘layotgan kasallik va zararkunandalar hamda ularga qarshi samarali kurashish usullari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ma’ruza jarayonida sholi ekinlarida uchraydigan asosiy kasalliklar, ularning belgilari, zararkunandalarning biologiyasi hamda ularni erta aniqlash va oldini olish choralariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, fermerlarga integratsiyalashgan himoya usullari, agrotexnik tadbirlar hamda zamonaviy monitoring tizimlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tinglovchilar mashg‘ulot davomida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan batafsil javoblar olishdi.
Web | Telegram | Facebook | Instagram