O‘rganishlar jarayonida mas’ullarga amaliy ko‘mak berilmoqda

Xabar berib borayotganimizdek, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov rahbarligidagi Prezident huzuridagi paxtachilik kengashi a’zolari, ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy xodimlari va boshqa mutaxassislardan tarkib topgan ishchi guruh a’zolari Toshkent viloyatidagi paxta qabul qilish maskanlarida bo‘lib, qabul jarayonlarini yaqindan o‘rganmoqda.
O‘rganishlar bugun viloyatning Bekobod, Bo‘ka va Piskent tumanlaridagi qabul maskanlarida davom ettirildi. Asosiy e’tibor paxta xom ashyosini qabul qilishda elektron hisobot yuritishga qaratildi.
Boisi qabul maskanlarida tarozidan o‘tgan har kilogramm paxta xom ashyosi to‘g‘risidagi ma’lumot "Agroplatforma.uz" tizimida aks etishi lozim. Negaki, ushbu tizim sohada shaffoflikni ta’minlab, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish uchun ishlab chiqilgan.
Biroq paxta to‘qimachilik klasterlari va ularning qabul maskanlaridagi ayrim mas’ullarning raqamli amaliyotni tushunmasligi, platforma imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalana olmaslik holatlari uchramoqda. Bu esa elektron hisobotlarni noto‘g‘ri yuritilishiga sabab bo‘lmoqda.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov rahbarligidagi ishchi guruh Bekobod tumanidagi “Max Green” paxta to‘qimachilik klasteriga qarashli paxta tozalash korxonasiga tegishli qabul maskanida ham aynan shunday holatga guvoh bo‘ldilar.
O‘rganishlar jarayonida elektron hisobot yuritish, ma’lumotlarni platformaga to‘g‘ri joylashtirishda qabul maskani mas’ullariga tushunmovchilik bo‘lib turgan jihatlar tahlil qilinib, muammoni barataraf etishda amaliy ko‘mak berildi.
Ishchi guruhning ushbu qabul maskanidagi o‘rganishlari mas’ul xodimlarning elektron hisobot yuritishda o‘z bilimlarini oshirishiga qo‘l keldi.
Ishchi guruhning Toshkent viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube