Ozarbayjonlik olimlar bilan hamkorlik

Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti direktori Rajabboy Xudaykuliyev boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjon Dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilganiga 75 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Delegatsiya a’zolari Ozarbayjon Dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining tadqiqot yo‘nalishlari, moddiy-texnik bazasi hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish tajribasi bilan yaqindan tanishdi. Tanishuv jarayonida ikki ilmiy muassasa rahbarlari qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va raqamlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish masalalarini ham muhokama qilishdi.
Muzokaralar davomida osma agregatlarda amalga oshiriladigan texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishni jadallashtirish, raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlarni qishloq xo‘jaligiga keng tatbiq etish, iqlim o‘zgarishi sharoitida resurstejamkor texnikalarni ishlab chiqish kabi ustuvor yo‘nalishlarni rivojlantirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya jarayonlari Ozarbayjon Respublikasining "ITV telekanali" orqali keng jamoatchilikka namoyish etildi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB | Telegram | Instagram | Facebook | Youtube