O‘zbekiston delegatsiyasi Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi (ICAC) yig‘ilishida faol ishtirok etmoqda

Avval xabar berganimizdek, Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov boshchiligidagi delegatsiya vakillari Germaniyaning Bremen shahrida bo'lib o'tayotgan "Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi (ICAC)" ning 83-Plenar yig‘ilishida faol ishtirok etmoqda.
Plenarning ikkinchi kunida bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi ochiq sessiyada innovatsiyalarni rag‘batlantiruvchi hamda global raqobatbardoshlikni oshiruvchi milliy to‘qimachilik masalalari keng muhokama qilindi.
Sessiya davomida turli davlatlarning to‘qimachilik sanoatini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish hamda global qiymat zanjirlarida mustahkam o‘rin egallashga qaratilgan strategiyalari taqdim etildi.
Mazkur muhokamalarda O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori o'rinbosari Mansur Mo‘minov “O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining rivoji” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashib, paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash darajasini oshirish, zamonaviy to‘qimachilik klasterlarini rivojlantirish, eksportbop tayyor mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Yig‘ilishning yopiq majlisida ICAC a’zosi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov so'zga chiqib, o'z nutqida sohani barqaror rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalarni yanada keng joriy etish zarurligini ta’kidladi. Yopiq majlis doirasida 2027-yilda muhokama qilinishi rejalashtirilgan muhim yo‘nalishlar ilgari surildi. Ular orasida eng ko‘p ovoz bilan quyidagi “Iqlim o‘zgarishiga mos g‘o‘za navlari seleksiyasidagi muammolar va yechimlar” mavzusi tanlab olindi
Shuningdek, yig‘ilishda ishtirok etgan xalqaro to‘qimachilik sohasi mutaxassislari O‘zbekistonda 2026-yil 3–15-may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan “O‘zbekiston to‘qimachilik ko‘rgazmasi – Yigiruv 2026” xalqaro forumida qatnashishga katta qiziqish bildirdilar.
Ushbu ishtirok O‘zbekistonning global to‘qimachilik bozoridagi mavqeini mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda innovatsion rivojlanishni jadallashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube